Joriy yilning 27-yanvar sanasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutasaddilari, soha vakillari, IT maktab rahbariyati hamda o‘quvchilari, shuningdek, Prezident maktabi, Ibn Sino maktabi, Mirzo Ulug‘bek ixtisoslashtirilgan maktab internati hamda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabidan tashrif buyurgan o‘qituvchi va o‘quvchilarni bir joyga jamladi. Buning sababi – bugun bizning maktabimizda “O’zbekiston 24” telekanali orqali jonli efirga uzatiladigan “Qarama-qarshi” ko‘rsatuvining navbatdagi sonini tasvirga olish jarayonlari bo‘lib o‘tdi.
Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan ko‘rsatuvda ishtirokchilar O’zbekistonda AKTni rivojlantirish, malakali dasturchi-mutaxassislarni tayyorlash, dasturiy ta‘minot sohasi taraqqiyoti, raqamli iqtisodiyotning istiqbollari va imkoniyatlari, AKT loyihalarni amalga oshirishda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish tendensiyalari haqida so‘z yuritildi. Tadbir yakunida esa maktab direktori Hilola Umarova delegatsiya a’zolarini bu yerda o‘quvchi iqtidorini namoyon qilish uchun yaratilgan zamonaviy jihozlangan o‘quv xonalari, ilg‘or pedtexnologiya va innovatsion metodlardan foydalangan holda darslarning olib borilishi, darsdan tashqari paytda bola iqtidorini rivojlantirish uchun yo‘lga qo‘yilgan tizim, o‘quvchilar turar joylarida keng imkoniyatlar yaratilganligi bilan yaqindan tanishtirib o‘tdi.
