Kelajakka daxldor hujjat

Prezidentimizning “Mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi qizgʻin muhokamada.
Ushbu hujjat loyihasida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligiga ham qator vazifalar yuklatilgan.
Jumladan, agentlik taʼlim tizimiga javobgar bir necha tashkilotlar bilan birga umumtaʼlim maktablarining 4-sinfini tamomlagan oʻquvchilarini kelgusida ixtisoslashtirilgan sinflarda oʻqishini davom ettirish maqsadida saralab olish tizimini joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishi lozim.
Bolalar boshlangʻich taʼlimni olganidan soʻng uning u yoki bu fanga qiziqishi va isteʼdodi koʻrinadi. Isteʼdodni rivojlantirish uchun zarur sharoit kerak. Ixtisoslashtirilgan sinflarda va maktablarda ular qiziqqan fanlarini chuqurroq egallash imkoniyatiga ega boʻladi.
Farmon loyihasidagi vazifa esa shunday isteʼdodli bolalarni saralab olishning hamma uchun tushunarli va shaffof tizimini yaratishdir. Bunda oʻquvchilarni ixtisoslashtirilgan sinflarga qabul qilish tartibi, topshiriladigan hujjatlar, saralab olish tartibi va yomon natija koʻrsatgan oʻquvchilarni bunday sinflardan oddiy sinflarga koʻchirish tartiblari belgilanadi. Albatta, bu tartiblarni ishlab chiqishda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga oʻquvchilarni qabul qilish tajribasidan foydalanishni rejalashtirganmiz.
Hujjatda belgilangan vazifalardan biri – yoshlarning olimpiadalarda ishtirokini taʼminlashga oid. Oʻquvchilarimiz har yili mamlakatimiz doirasida tashkil etiladigan olimpiadalarda ishtirok etadilar. Respublika bosqichi gʻoliblari esa nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadilar.
Farmon loyihasiga koʻra, umumiy oʻrta taʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar maktablari oʻquvchilari oʻrtasida fan olimpiadalarini tashkil etishni takomillashtirishga oid takliflar ishlab chiqiladi.
Oʻquvchilarimizning xalqaro olimpiadalarda ishtiroki shuni koʻrsatmoqdaki, yoshlarimizni bunday musobaqalarga tayyorlab borish kerak. Xalqaro olimpiadalarda bizning taʼlim tizimimizda oʻqitilmaydigan mavzular ham bor. Ularni bu mavzular bilan tanishtirib borish bilan birga, olimpiada qoidalari bilan ham boxabar etish kerak.
Xalqaro fan olimpiadalarda terma jamoa aʼzolarining muvaffaqiyatli qatnashishini taʼminlash maqsadida tegishli tashkilotlar ishtirokida “Iqtidorli yoshlar markazi”ni tashkil etish rejalashtirilgan. Bu markazda oʻquvchilar va trener oʻqituvchilar maʼlum vaqt birga ishlashadi va olimpiadalarga tayyorgarlik koʻrishadi. Markaz ularga yashashlari va oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazishlari uchun zarur sharoit yaratib beradi. Bu orqali biz yoshlarimizning xalqaro olimpiadalarda muvaffaqiyatli ishtiroklarini taʼminlashni rejalashtirganmiz.
Keyingi asosiy vazifamiz Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning faoliyatini takomillashtirishdan iboratdir.
Ayni paytda yurtimizning turli hududlaridagi 4 ta Prezident, 9 ta ijod va 3 ta ixtisoslashtirilgan maktablarda 3397 nafar oʻquvchiga yuqori malakali oʻqituvchilar tomonidan bilim berilmoqda. Tizimga kiruvchi maktablarning sonini oshirish boʻyicha vazifalar belgilangan.
Agentlik tizimiga kiruvchi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari tashkil etilganiga unchalik koʻp boʻlgani yoʻq. Prezident maktablarida xorij dasturlari va darsliklaridan, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda esa asosan umumtaʼlim maktablari dastur va darsliklaridan foydalaniladi.
Ijod maktablari oʻquvchilari uchun yurtimizning yetakchi adabiyotshunos olimlari tomonidan ixtisoslik fanlari boʻyicha darsliklar tayyorlash ishlarini jaddalashtirish boʻyicha choralar koʻriladi. Chet tili (ingliz, fransuz, nemis tillari) darsliklari ilgʻor xorijiy davlatlarning nufuzli nashriyotlaridan xarid qilinadi.
Shuningdek, ijod maktablari tarmogʻini kengaytirish nazarda tutilmoqda. Jumladan, 2021-yilda Termiz shahrida Roʻzi Choriyev nomidagi, Buxoro shahrida Muxtor Ashrafiy nomidagi, Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktablarini tashkil etish koʻzda tutilmoqda.

Hilola UMAROVA,Vazirlar Mahkamasi huzuridagiPrezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori

Manba: UzA

Leave a Reply