Matematiklar faxri – Iroda Saibova

2012-yilda “Xalq ta’limi a’lochisi” ko’krak nishoniga sazovor bo’lgan tajribali pedagog Iroda Saibova bugun yurtimizda barcha matematiklarning faxriga aylandi. O’zining pedagogik  faoliyati davomida tinimsiz izlanishlar va tadqiqotlar olib borgan  pedagog Xalqaro konferensiyada ishtirok etib, xalqaro ekspertlar uchun namunali dars o’tish orqali  aniq fanlar sohasida yangi davr va yangi bosqishni boshlab berdi.

I.Saibova Respublika ta’lim markazining Ilmiy kengash a’zosi sifatida faoliyat yuritdi va bir qator matematik olimlar bilan hamkorlikda xalq ta’limi tizimini takomillashtirishda samarali hissa qo’shdi. Mohir pedagogning “Matematika darslarida multimediyaviy trenajorlardan foydalanish” mavzusida olib borgan izlanishlari samarasi RTM ilmiy kengashida o’rganib chiqildi va Respublikada ommalashtirildi.

Iroda Saibova “STEAM” metodikasini o’rganish bo’yicha  xalqaro vebinarlarda ishtirok etib, to’plagan tajribalari asosida zamonaviy darslarning noan’anaviy ko’rinishlarini yaratdi.

Hozirda tajribali pedagog ilmiy kengash a’zolari bilan birga xalqaro tajribalarni o’rganib, matematika fani bo’yicha yangi zamonaviy dastur ishlab chiqish ustida izlanmoqda. Shuningdek, BMT va YUNESKO bilan hamkorlikda yangi ta’lim standartlari va testlar yaratish yo’lida ham faoliyat olib bormoqda..

Yurtimizda pandemiya sharoitida yuzaga kelgan vaziyatda ta’lim tizimidagi izchillikni davom ettirish maqsadida Iroda Saibova “Online-maktab” loyihasida birinchilardan bo’lib qatnashdi va  televideniya orqali 130 dan ortiq dars o’tdi. Bu boradagi xizmatlari munosib baholanib, Iroda Soibova Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Xalq ta’limi fidoyisi” ko’krak nishoni va faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

Tajribali pedagog Iroda Saibovaning olib borayotgan ilmiy pedagogiq izlanishlari bo’yicha yozgan bir qator maqolalari Respublika ta’lim markazining “Aniq va tabiiy fanlar metodikasi” jurnalida chop etilgan. Jumladan, “Matematika darslarida interfaol metodlardan foydalanish” ”Kombinatorik masalalarni yechish usullari”, “Xalqaro PISA tadqiqotlariga tayyormisiz?”, PISA tadqiqotlar masalalarini yechamiz” kabi maqolalari shular jumlasidandir.

Iroda Saibova bugungi kunda PIIMA tasarrufidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalariga oid fanlar chuqurlashtirib o’qitiladigan maktabda matematika fanidan dars berib kelmoqda.O’quvchilarning sevimli ustoziga aylangan o’qituvchi  o’zining  bor bilim va tajribalarini shogirdlariga berishdan charchamaydi.

Biz izlanuvchan muallima Iroda Saibovaning kelgusidagi pedagogik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz va yangidan-yangi zafarlar kutib qolamiz. Zero, ta’lim yo’lida olib borilayotgan xayrli ishlar to’xtab qolishi mumkin emas!

Leave a Reply